Elektromobillar narxi yana oshishi kutilmoqda

Foto: Ochiq manba

Elektromobillar bozorida monopoliya yaratayotgan mas’ul tashkilotlar xususiy tadbirkorlar olib kiradigan mashinalar uchun yana bir yangi tartibni joriy qilishmoqda.

Endilikda elektromobillarni o‘z nomiga olib kirmoqchi bo‘lganlar yoki rasmiy diler bo‘lmagan xususiy tadbirkorlar muvofiqlik sertifikati olish jarayonida mashinaning elektromagnit moslashuvchanligi (Electromagnetic compatibility, EMC) bo‘yicha ham tekshiruvdan o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Elektromagnit moslashuvchanlik — bu avtomobillarning elektromagnit muhitida maqbul tarzda ishlash qobiliyati. Bu tushuncha elektr energiyasining keraksiz elektromagnit to‘lqinlarini ishlab chiqarish, tarqatish va qabul qilishni chegaralash orqali ularning boshqa qurilmalarga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan. EMC’ning asosiy maqsadi turli qurilmalarning umumiy elektromagnit muhitda to‘g‘ri ishlashiga erishishdan iborat.

Yashil Tulpor manbalari bergan xabarga ko‘ra, bu tekshiruv uchun ham alohida to‘lov joriy qilinadi. Buning oqibatida elektromobilni O‘zbekistonda rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazishning umumiy xarajati yana oshadi. Vaziyatdan xabardorlar bu taxminan 400-500 dollargacha ekvivalentdagi summa bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.