Toshkentdagi ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni elektron ovoz berish tartibi sinovdan o‘tkaziladi
12 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida tajriba-sinov tariqasida ayrim saylov uchastkalarida elektron ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi, saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonini onlayn tarzda video-translyatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazish, saylov kampaniyasi davomida kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish, shuningdek, Andijon va Xorazm viloyatlarda saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Majlis davomida saylovchilarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida mamlakatimiz tarixida ilk marotaba ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni elektron ovoz berish tartibini sinovdan o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.
Joriy yilgi saylovlarda sinab ko‘rilishi rejalashtirilgan elektron ovoz berish qurilmalaridan 37 ta xorijiy davlatlarda (AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Braziliya, Singapur, Avstraliya va b.) foydalanilgan bo‘lib, ular orqali shu kunga qadar 6,5 mlrd dan ortiq saylovchilar ovoz berishgan.
Ta’kidlanishicha, elektron ovoz berish tartibi ovoz berish va saylov natijalarini tezkor aniqlash, ovoz berish jarayonlarining qonuniyligini ta’minlash, saylov komissiyalarining ish hajmini maqbullashtirishga xizmat qiladi.
Shunga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi Toshkent shahar hududida joylashgan ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni elektron ovoz berish tartibini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq elektron ovoz berish tartibi sinab ko‘riladigan saylov uchastkalarida saylovchilar ovoz berishning an’anaviy yoki elektron shaklini mustaqil tanlash huquqiga egaligi belgilandi.
Bundan tashqari, elektron ovoz berish qurilmalari orqali byulletenni to‘ldirish tartibi ham komissiya qarori bilan tasdiqlandi.
Shuningdek, majlisda saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlarini Internet tarmog‘i orqali onlayn translyatsiya qilishni bu yilgi saylovlarda ham qo‘llash masalasi ko‘rib chiqildi.
Majlisda Internet tarmog‘i orqali onlayn translyatsiya qilish bo‘yicha tegishli texnik talablarga muvofiq bo‘lgan saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyatsiya qilish bo‘yicha aniq choralar belgilab berildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Barchaga ma’lumki, “Ye-saylov” axborot tizimi orqali xorijiy davlatlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushishi davom etmoqda.
Shu munosabat bilan, majlisda xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazish yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi.
Shu bilan bir qatorda, kun tartibiga oid boshqa masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sharhlar