Emlanish orqali antibiotiklar qo‘llanilishini 22 foizga kamaytirish mumkin
JSST e’lon qilgan yangi hisobotga ko‘ra, 24 patogenga qarshi emlanish orqali dunyo bo‘yicha qo‘llaniladigan zarur antibiotiklar miqdorini 22 foizga yoki sutkasiga 2,5 milliard dozaga kamaytirishi mumkin.
Bu dorilarga chidamli mikroblarga qarshi kurashish borasidagi global maqsadlarga ham mos keladi. Shuningdek, ana shu vaksinalarning ayrimlari allaqachon yaratilgan, biroq ulardan tibbiy amaliyotda kam foydalanilmoqda.
Qayd etilishicha, dorilarga chidamli infeksiyalar yiliga 5 million kishining o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Kelgusi 25 yil ichida xuddi shunday bakteriyalar tufayli 208 million odam hayotdan ko‘z yumishi prognoz qilinyapti.
Vaksinalar bu raqamlarni qisqartirish, o‘z navbatida, antibiotiklar qo‘llanilishini kamaytirish va infeksiyalar tarqalishini sekinlashtirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, dori-darmonlarga chidamli patogenlarni davolash uchun shifoxona xarajatlari yiliga 730 milliard dollarga baholanadi. Agar vaksinalar barcha qayd etilgan kasalliklarga qarshi qo‘llanilsa, sarf etilayotgan 30 foizdan ko‘proq mablag‘ tejab qolinadi.
Sharhlar