Endi fuqarolar bank ilovalarini yangidan ochsa, ba’zi funksiyalarni 48 soat foydalanolmaydi

Foto: spot.uz

Bugungi kunda firibgarlar turli usullardan foydalanib fuqarolarning nomiga tijorat banklarining mobil ilovalari orqali onlayn kreditlar rasmiylashtirmoqda va ushbu pullarni P2P o‘tkazmalari orqali noqonuniy o‘zlashtirishmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida firibgarlik yo‘li bilan fuqarolar nomiga onlayn kredit ajratish orqali 463 ta holatda qariyb 15 mlrd. so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.

Shu munosabat bilan Markaziy bank kredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarga onlayn kredit ajratish jarayonida bank kartalari bilan bog‘liq shubhali frod operatsiyalarining oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik tartibni joriy qilmoqda. Mazkur tartib 2024-yilning 1-noyabridan 2025-yilning 1-apreliga qadar amal qiladi.

Unga ko‘ra, endilikda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish bo‘yicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan o‘tishi talab etiladi.

Ushbu talabning o‘rnatilishi kredit olish bo‘yicha ariza fuqaroning shaxsan o‘zi tomonidan berilganligini aniqlash va uning shaxsiga yana bir bor oydinlik kiritish imkonini beradi.

Bundan tashqari, fuqaro kredit tashkiloti mobil ilovasidan yangi ro‘yxatdan o‘tib yoki mavjud akkauntga boshqa qurilmadan kirib, birinchi marta onlayn kredit olganda, mazkur kredit ajratilganidan boshlab 48 soat davomida kredit hisobidan P2P amaliyotlar, jismoniy shaxslar hisobvaraqlari va elektron hamyonlarga o‘tkazmalar, mobil aloqa operatorlari orqali telefon raqami hisobini to‘ldirish, chet elga pul o‘tkazmalari hamda onlayn valyuta ayirboshlash operatsiyalariga cheklovlar o‘rnatilishi belgilanmoqda.

Mazkur cheklovlarni yechish uchun mijoz 48 soat ichida kredit tashkiloti tomonidan yuborilgan SMS-xabarda qayd etilgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, kreditni firibgarlar ta’sirisiz olganligini ma’lum qiladi, kredit tashkiloti xodimi esa mijozga qayta bog‘lanib, berilgan ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshirib, qo‘shimcha tasdiqdan o‘tkazadi.

Kredit mablag‘lari fuqaroning bank kartasiga o‘tkazilgandan keyin pul mablag‘lari sarflanmagan bo‘lsa, 48 soat ichida kredit olishga ariza mijoz tomonidan firibgarlar ta’sirida berilgani aniqlansa yoki mijoz qo‘shimcha tasdiqdan o‘tishni amalga oshirmasa, kredit shartnomasi kredit tashkiloti tomonidan bekor qilinadi va ajratilgan pul mablag‘lari kredit tashkiloti hisobiga qaytariladi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.