Endi qurilish davrida yer solig‘iga 50 foiz imtiyoz beriladi
Davlat banklari bergan kreditning 92 trillion so‘mi yoki 30 foizi 10 ta yirik davlat korxonasiga to‘g‘ri keladi.
Hozirda yirik korxonalar transformatsiya qilinmoqda, moliya bozorlariga mustaqil chiqib, o‘zi mablag‘ jalb qilishga o‘rgatilmoqda. Endi davlat jalb qilgan mablag‘larni yirik korxonalarga berish amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechiladi. Bunday mablag‘larni berish ikki yil ichida kamida 40 foizga qisqaradi. Banklar buning hisobidan kamida 30 trillion so‘mni xususiy biznesga yo‘naltiradi.
Ochiq muloqot doirasida kelib tushgan 11 mingta murojaatdan 2 mingtasi yer va infratuzilma bilan bog‘liq. Joylarda o‘tkazilgan so‘rovda ham 55 foiz tadbirkor elektr energiyasi, gaz ta’minotida, tarmoqqa ulanishda muammo borligini aytgan.
So‘nggi yillarda mamlakatda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlarga qaramasdan, yerdan investitsiya sifatida foydalanish tizimi hali orqada ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Yer bozori shakllanishi ta’sirida yangi investitsiya loyihalarida yer sotib olish xarajatlari keskin oshayotgani qayd etildi. Tadbirkor yerga buncha katta xarajat qilgandan keyin qurilish, texnika va uskunaga mablag‘i yetmay qolayotganligini aytdi.
Endilikda tadbirkor auksiondan yer sotib olganda unga qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblash bekor qilinadi.
Toshkent shahri va viloyat markazlarida sotilgan yer bo‘yicha xarid summasini uch yilgacha, qolgan hududlarda besh yilgacha, 4 va 5-toifa tumanlar uchun esa o‘n yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. Endi tadbirkorlar darhol to‘lov qilaman desa, 20 foizgacha chegirma beriladi.
“Yer – eng cheklangan resursimiz va u doim iqtisodiy naf keltirishi kerak”, – dedi Prezident.
Shu bois, yangi yerlarni ajratishda binolarni loyihalashdan obyektni topshirishgacha bo‘lgan muddatlar majburiy ko‘rsatiladi.
Bunda qurilish davriga yer solig‘i bo‘yicha 50 foiz imtiyoz beriladi (viloyat markazlaridan tashqari). Qurilishga ruxsat olish muddati davlat organi aybi bilan o‘tkazib yuborilsa, qurilish vaqti shu muddatga uzaytirib beriladi. Muddatida bo‘lmasa, yer sud orqali qaytarib olinadi yoki boshqa tadbirkorga sotiladi.
Shuningdek, har bir yer uchastkasi uchun asosiy faoliyat turini qaysilariga almashtirish mumkinligi, qanday yordamchi inshootlarni joylashtira olishi aniq belgilab beriladi.
Buning uchun, 1-yanvardan yer uchastkalari va kapital qurilish obyektlarining yagona klassifikatori joriy etiladi. Shuning hisobiga tadbirkorlar bir yilda o‘z yeriga 800 milliard so‘mlik investitsiya kiritadi.
Sharhlar