Endi Shoximardonga kirishda joylashgan “Oq-qiya” bojxona punkti 24 soat ishlaydi
Mazkur yangilik Prezident Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning 2024-yil 18-iyul kuni Toshkent shahridagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshdi.
Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida tomonlar ikkala davlat chegarasida joylashgan chegara bojxona postlaridan samarali foydalanish masalasini ko‘rib chiqishgan edi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston va Qirg‘iziston bojxona hamda chegara xizmati rahbarlari Farg‘ona viloyatidagi chegara-bojxona postlari faoliyatini birgalikda ko‘zdan kechirib, yangi bojxona postlarini tashkil etish va mavjudlaridan samarali foydalanish, bojxona postlarida tirbandliklarning oldini olish borasida mavjud imkoniyatlarni tahlil qilishdi.
Yakunda esa 2024-yilning 26-iyulidan boshlab Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining “Farg‘ona” chegara bojxona posti hamda Shoximardonga kirish qismida joylashgan “Oq-qiya” bojxona punkti tunu kun ishlash rejimiga o‘tkazildi.
Endilikda Shoximardonga dam olgani borayotgan fuqarolar ushbu bojxona obyektlari orqali istalgan vaqtda harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Sharhlar