Endi tadbirkorlar chiqindilari olib ketilishi uchun toʻlovni avtomatik tarzda amalga oshiradi
Prezidentning “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 4-yanvardagi 5-sonli Farmoniga koʻra, joriy yilning 1-iyulidan boshlab alohida koʻchmas mulkdan foydalanadigan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar ommaviy oferta asosida amalga oshiriladi.
Farmonga ko‘ra:
- oferta faqatgina faoliyati davomida alohida koʻchmas mulkdan foydalanadigan yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mazkur koʻchmas mulk joylashgan hududga biriktirilgan sanitar tozalash korxonasi oʻrtasida tuziladi;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ularning faoliyat turlari va xususiyatlaridan kelib chiqib, chiqindi toʻplash meʼyorlarini tasdiqlaydi hamda ommaviy ofertadagi toʻlov summalari ushbu meʼyorlarga asoslangan holda belgilanadi.
Bu orqali tadbirkorlik obyektidan mazkur hududga biriktirilgan sanitar tozalash korxonasi chiqindilarni olib ketadi, tadbirkor esa buning uchun belgilangan toʻlovni avtomatik tarzda amalga oshirishi kerak boʻladi. Bu oʻz oʻrnida ikki tomon uchun ham maqbul yechim hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, mazkur topshiriq davlat rahbarining joriy yil 29-mart kuni chiqindilar bilan ishlash tizimini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham qayd etilgan.
Tadbirkorlik subyektlari ushbu tartibga amal qilmagan taqdirda qonunchilikka ko‘ra javobgarlikka tortiladi.
Sharhlar