Endi tadbirkorlik kompaniyasining filiali har bir viloyatda tashkil qilinadi
Endilikda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashda barcha banklar va mikromoliya tashkilotlari ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Masalan, 100 million so‘mgacha mikrokredit bor-yo‘g‘i 9 foiz tadbirkorlarning ehtiyoji uchun yetarli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shu bois, mikrokreditlar miqdori 3 karra oshirilib, 300 million so‘mga yetkaziladi. Bunda kreditning 100 million so‘mgacha bo‘lgan qismiga garov talab qilinmaydi. Bu maqsadga bir yilda 10 trillion so‘m beriladi.
Endi tadbirkorlik kompaniyasining filiali har bir viloyatda tashkil qilinadi. Kompaniya va uning filiallari hududlarda salohiyati bor tadbirkorlarni aniqlaydi. Kompaniya kafilliklari yaxshi kredit tarixi va yuqori barqarorlik reytingiga ega tadbirkorlarga beriladi.
Shuningdek, mikromoliya xizmatlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash davom ettiriladi. Ularga joriy yildagi 1,6 trillion so‘mga qo‘shimcha 1 trillion so‘m resurs ajratiladi.
Shu bilan birga, ustav kapitali kamida 50 milliard so‘m bo‘lgan mikromoliya banklarini tashkil etishga ruxsat beriladi. Ushbu banklar kredit portfelining kamida 70 foizi kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Mikromoliya tashkilotlari tomonidan tadbirkorlarga xorijiy valyutada xizmat ko‘rsatish va litsenziya asosida to‘lov tashkiloti sifatida faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.
Hozir ko‘p eksportchilar yirik xorijiy savdo tarmoqlariga 3-4 oy kechiktirib to‘lash sharti bilan mahsulot yetkazib bermoqda. Uzluksiz ishlab chiqarish uchun korxonalarda aylanmaga ehtiyoj oshayapti. Lekin, hamma tadbirkorda ham yangi kredit olish, unga garov topish imkoniyati yo‘q.
Tadbirkordan garov talab qilmaydigan eng qulay instrument bu – faktoring. Xalqaro moliya korporatsiyasiga ko‘ra, bizda 10 milliard dollarlik faktoring xizmatiga talab bor. Hozir bu xizmatni faqat banklar, mikromoliya tashkilotlari ko‘rsatayapti.
Bundan buyon bank bo‘lmagan yangi institut – faktoring tashkiloti uchun yo‘l ochiladi. Ular xorijiy valyutada ham xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Bu jarayonda qatnashadigan bank, mikromoliya, faktoring tashkiloti va tadbirkorlar foydalanadigan alohida elektron platforma ishga tushadi. Ya’ni, tadbirkor undan o‘ziga qulay moliyaviy mahsulotni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘tkazilgan so‘rovda tadbirkorlarning 38 foizi islom moliyasi asosida resurs olish istagini bildirgan. O‘tgan oyda mikromoliya tashkilotlariga islomiy shartlar asosida xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi.
Tayyorlangan yangi qonun loyihasi qabul qilinsa, islom moliyasi bilan banklar ham ishlashi mumkin bo‘ladi. Bu – yangi moliyaviy xizmatlar taqdim etilishi, ko‘p investorlar kirib kelishi va 5 milliard dollarlik qo‘shimcha resurs paydo bo‘lishiga turtki beradi.
Sharhlar