Yangi qurilayotgan binolar oldida QR kodli pasporti chiqarib qo‘yiladi, agar bu bo’lmasa, qurilish noqonuniy sanaladi

Foto: Jizzax viloyati statistika agentligi

O‘tgan yili 1 ming 600 ta obyekt qurilishi ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan boshlangan bo‘lsa, yil boshidan 2 ming 200 taga yetgan.

Bundan tashqari, qurilish obyektlari toifasiga qarab oyiga kamida 2-4 marta nazoratdan o‘tkazilishi zarur. Lekin 8 oy ichida 1 ming 150 ta obyektga inspektor bir marta borgan.

Oqibatda joylarda pala-partish qurilish ko‘payib, aholi e’tiroziga sabab bo‘layapti.

Qurilish vazirligi, Qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi, Bosh prokuraturaga qurilishda byurokratik to‘siqlar va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini kuchaytirish topshirildi.

Shuningdek, qurilish inspeksiyasining hududiy boshqarmalarida quruvchi-operatorlar shtabi tashkil qilinishi belgilandi. Nazorat inspektorlari bodikamera bilan ta’minlanadi.

Davlat hisobidan qurilayotgan har bir obyektga toifasiga qarab kamida 2 tadan videokamera o‘rnatiladi. Ular operatorlar shtabiga ma’lumotlarni onlayn yuboradi.

Shuningdek, noqonuniy qurilishlar bo‘yicha mahalla raislari va jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.

Endilikda har bir qurilayotgan obyekt oldida QR kodli pasporti chiqarib qo‘yiladi, istalgan odam bu orqali hududda qanday obyekt qurilayotgani, qachon ruxsat olingani, kim qurishi, qachon ishga tushishi kabi ma’lumotlar olishi mumkin bo‘ladi.

Agar QR kodli pasport bo‘lmasa, qurilish noqonuniy hisoblanadi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.