Energetika vazirligi va tizim korxonalari 24/7 ish rejimiga o‘tdi

Foto: uza.uz

Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, Bosh prokuratura, tegishli vazirlik va idoralar hamda viloyat hokimliklari mas’ullari ishtirok etgan ushbu tadbirda yoqilg‘i-energetika sohasi obyektlarining qish mavsumida barqaror ishlashi, aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash muhim masalalardan ekani qayd etildi.

Aynan shu talablardan kelib chiqib, mazkur tadbirda elektr energiyasi va tabiiy gazdan samarali hamda oqilona foydalanish bo‘yicha joylarda olib borilayotgan targ‘ibot ishlarining holati ham tahlil qilindi.

Unda so‘z olganlar qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha obeyktlari (sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’lim muassasalari) hamda iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash birinchi darajali vazifa ekanini ta’kidladi. Shuningdek, korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi.

Barcha mas’ullarga ishlab chiqarish va yetkazib berish ob’ektlarining ishonchli faoliyatini ta’minlash hamda energiya resurslaridan oqilona foydalanish ishlarini jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.

Vazirlik va tizim korxonalari tomonidan kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun kunu tun navbatchilik joriy etilgani, avariyalarning oldini olish va bartaraf etish uchun maxsus brigadalar tashkil qilingani ma’lum qilindi. Ushbu brigadalar zarur texnikalar, materiallar va himoya vositalari bilan ta’minlangan.

Shuningdek, yig‘ilishda barcha obyektlarda 24/7 ish rejimiga o‘tilgani va ishchi guruhlar tomonidan ishlar doimiy nazorat qilinayotgani qayd etildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.