Eron Tashqi ishlar vazirligi Ilon Mask bilan uchrashuv haqidagi xabarlarni qat’iyan rad etdi

Foto: ochiq manba

Eronning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravani AQSh milliarderi Ilon Mask bilan uchrashgani haqidagi xabarlarni Eron Tashqi ishlar vazirligi qat’iyan rad etdi. 16-noyabr kuni davlat axborot agentligi IRNAga izoh bergan Eron TIV vakili Ismoil Bag‘oy bu kabi da’volarni yolg‘on deb atadi.

Bag‘oy, shuningdek, “AQSh ommaviy axborot vositalarining ushbu da’volarni keng tarqatganidan hayratda ekanligini” bildirdi.

NYT: Mask va Eron vakili AQSh-Eron munosabatlaridagi keskinlikni muhokama qilgan
The New York Times gazetasi 14-noyabr kuni ikki anonim eronlik amaldorga tayanib xabar berishicha, Tesla va SpaceX kompaniyalari asoschisi Ilon Mask, AQShda prezidentlikka saylangan Donald Tramp tomonidan yangi hukumat samaradorligi bo‘yicha bo‘lim rahbari etib tayinlangan, 11-noyabr kuni Nyu-Yorkda Amir Said Iravani bilan uchrashgan. Uchrashuvda Tehron va Vashington o‘rtasidagi keskinlikni yumshatish yo‘llari muhokama qilingan. Muzokaralar bir soatdan ortiq davom etgan va “maxfiy joyda” o‘tkazilgan.

Gazeta manbalariga ko‘ra, ushbu uchrashuv Tehronga AQSh rasmiylari bilan bevosita muloqot qilmasdan muqobil yo‘l topish imkonini bergan. NYT manbalaridan biri Iravani muzokaralar davomida Maskga Eron sanksiyalarini bekor qilishga erishish va o‘z biznesining bir qismini Tehronga ko‘chirishni taklif qilganini aytgan.

Donald Tramp shtabidagi aloqa bo‘yicha direktor Stiven Chung “yuz bergan yoki bo‘lmagan shaxsiy uchrashuvlar” haqidagi xabarlarni izohlashdan bosh tortdi. Mask va Eronning BMTdagi vakilligi ham muzokaralar yuzasidan izoh bermadi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.