Eronda talaba qiz “yarimyalang‘och” norozilik namoyishiga chiqqani uchun hibsga olindi

Foto: videodan qirqib olingan

2-noyabr, shanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Tehrondagi universitet kampusida bir talaba ichki kiyimida kiyinish qoidalarining o’ta qattiqligi ustidan norozilik bildirganini ko‘rish mumkin. Amnesty Internationalning Eron bo‘limi bu voqeadan so‘ng unga nisbatan kuch ishlatilganini, ehtimol, jinsiy zo‘ravonlik bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Eronning qattiq kiyinish qoidalariga qarshi namoyish sifatida talaba qiz qisman yechinib olgandan so‘ng hibsga olingan, deya xabar bermoqda Amnesty International. Tashkilotning ma’lum qilishicha, qiz avvalroq xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hijobni noto‘g‘ri kiyib olgani uchun ta’qib qilingan.

Tehron Islomiy Ozod Universiteti kampusida bo‘lib o‘tgan voqea boshqalar tomonidan auditoriyadan suratga olinib, X tarmog‘ida tarqaldi va keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. Ko‘pchilik qizning “jasorati” va “mardligini” olqishladi. Qizning shaxsi hozircha oshkor qilinmagan.

Amnesty International Eron bo‘limi X tarmog‘idagi postida talabaning zudlik bilan va hech qanday shartsiz ozod qilinishini talab qildi. Tashkilot ayolning qiynoqlar va boshqa shafqatsiz munosabatdan himoya qilinishi hamda unga oilasi va advokati bilan uchrashish imkoniyati berilishini talab qildi.

“Talaba qiz hibsga olinganida unga nisbatan kaltaklash va jinsiy zo‘ravonlik holatlari bo‘lganiga oid da’volar mustaqil va xolisona tergov qilinishi kerak”, – dedi Amnesty, va barcha aybdorlar javobgarlikka tortilishi lozimligini qo‘shimcha qildi.

Universitetning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktori Said Amir Mahjub xavfsizlik xodimlari talabaning politsiyaga topshirilganini tasdiqlab, unga nisbatan kuch ishlatilmaganini aytdi. Shuningdek, dastlabki tekshiruvlar qizning ruhiy kasallikka chalinganini va kuchli stress holatida bo‘lganini ko‘rsatdi, deya qo‘shimcha qildi.

Ba’zi manbalar talabaning maxsus xizmat xodimlari tomonidan hibsga olinib, noma’lum joyga olib ketilganini xabar qilishgan. Universitet bilan bog‘liq mahalliy gazeta qizning keyinchalik psixiatriya kasalxonasiga o‘tkazilganini ma’lum qildi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.