Ertadan Jamoat salomatligi texnikumlarida o‘quv yili boshlanadi

Foto: adti.uz

2023/2024 o‘quv yilidan mamlakatdagi tibbiyot kollejlari negizida 72 ta Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari tashkil etilgan edi. Natijada ular faoliyati tubdan isloh qilinib, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini tayyorlash borasida butunlay yangi tizim yo‘lga qo‘yildi.

Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida bugungi kunda tibbiy profilaktika, tibbiy-ijtimoiy ish, patronaj hamshiraligi yo‘nalishlarida 2 yillik dastur asosida, hamshiralik, feldsherlik, laboratoriya, farmatsiya, stomatologiya kabi sohalarda esa 3 yillik ta’lim dasturlari asosida mutaxassislar tayyorlanmoqda.

O‘tgan o‘quv yilida 72 ta Jamoat salomatligi texnikumida 90 ming nafarga yaqin o‘quvchi tahsil olgan va hozirda mazkur ta’lim muassasalarida 4 000 nafarga yaqin pedagog dars berib kelmoqda. Ulardan 45,3 foizi malaka toifasiga ega.

Yangi 2024/2025-o‘quv yilgi reja va dasturlarida maxsus fanlar amaliy qismining ulushi 50 foizdan 75 foizga oshirilib, tibbiyotda xorijiy til, tibbiyotda axborot texnologiyalari kabi fanlar kiritilgan.

Barcha – 72 ta tibbiyot texnikumlari tibbiy oliy ta’lim muassasalariga biriktirilgan. Ular bilan pedagog xodimlarning salohiyati, dars jarayonlarining samaradorligini oshirishda hamkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Tibbiyot texnikumlarini imtiyozli tamomlagan bitiruvchilar suhbat asosida tibbiy oliy ta’lim muassasalarining mos fakultetlariga imtiyozli ravishda 2-bosqichdan qabul qilish tartibi joriy etilgan.

Ma’lumot uchun, yangi o‘quv yili mamlakatdagi 72 ta Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida 4-sentyabrdan, 12 ta davlat va 2 ta xorijiy tibbiy oliy ta’lim muassasalarida esa 9-sentyabr kuni boshlanadi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.