Eskirgan pestitsidlarning reestrini yaratish boshlandi
Ekologiya vazirligi va FAO huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish markazi mutaxassislari eskirgan pestitsidlar va zaharlangan hududlarning milliy reestrini yaratish maqsadida Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida ilgari dalalarga pestitsidlar sepilgan sobiq qishloq xoʻjaligi aerodromlari koʻzdan kechirildi. Loyihada ushbu zararli moddalarni suv va tuproqdan ajratib olish va ularni qayta ishlash texnologiyalarini joriy etishga katta e’tibor qaratilgan.
“Xorazm viloyatida o‘tmishda qishloq xo‘jaligida pestitsidlardan ko‘p miqdorda foydalanilgan va bu eskirgan hamda taqiqlangan moddalarning sezilarli zahiralari to‘planishiga olib kelgan. Ushbu pestitsidlar inson salomatligi va atrof-muhit uchun xavf tug’diradi, shuning uchun ularni inventarizatsiya qilish va xavfsiz utilizatsiya qilish zarur. Ushbu ma’lumotlarning milliy reestrga kiritilishi xavflarni yanada samarali boshqarish va ifloslanish oqibatlarini bartaraf etish choralarini ishlab chiqish imkonini beradi”, – deyiladi xabarda.
Mazkur loyiha FAO va Ekologiya vazirligining O‘zbekistondagi ekologik vaziyatni yaxshilash va xavfli kimyoviy moddalarni barqaror boshqarishni ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasining bir qismidir. Eskirgan pestitsidlarning milliy reestrini yaratish nafaqat atrof-muhitning ifloslanishi bilan bog’liq xavflarni kamaytirishga yordam beradi, balki kelajakda xavfli chiqindilarni yanada samarali boshqarish uchun asos yaratadi.
Sharhlar