Evropaning sirli yer osti tunnel tarmog‘ini bilarmidingiz
Evropada, yer ostida, 12 ming yillik tarixga ega ulkan tunnel tarmog‘i joylashgan bo‘lib, u Shotlandiya tog‘laridan to O‘rta yer dengizi qirg‘oqlarigacha minglab kilometrga cho‘zilgan. Ammo bu tarmoqning asl maqsadi va kelib chiqishi hanuz sir bo‘lib qolmoqda. Ushbu mavzu bo‘yicha “Archeology Worlds” nashri ma’lumot berdi.
Mutaxassislarning fikricha, tunnel tarmog‘i qadimda odamlarni yirtqich hayvonlardan yoki tabiiy ofatlardan himoya qilish uchun yoki turli hududlar o‘rtasida xavfsiz yo‘lak yaratish maqsadida qurilgan. Ba’zi nazariyalarga ko‘ra, bu aloqalar diniy yoki ramziy ahamiyatga ega bo‘lib, ular “olamlar o‘rtasidagi ko‘prik” vazifasini bajargan.
Nemis arxeologi doktor Xaynrix Kush bu tarmoqni atroflicha o‘rganib, “Yer osti darvozalarining sirli hikoyalari” nomli kitobini nashr qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tunnelning ba’zi qismlari Bavariyada 700 metr, Avstriyada 350 metr uzunlikda aniqlangan. Tunnelning kengligi o‘rtacha 70 sm bo‘lib, odam ulardan faqat o‘tib ketishi uchun yetarli. Ayrim joylar esa dam olish yoki omborxona vazifasini bajargan xonalarga kengaygan.
Tunnel kirish joylarining ko‘plarida keyinchalik cherkovlar qurilgan. Doktor Kushning fikricha, bu katolitsizm davrida eski diniy e’tiqodlarni yo‘q qilishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, bu kabi tunnel tarmoqlari faqat Yevropada emas, balki Amerika va boshqa qit’alarda ham uchraydi. Ko‘plab afsonalarga ko‘ra, qadimiy odamlar ofat paytida ana shunday yer osti inshootlariga boshpana sifatida joylashgan.
Sirli tunnel tarmog‘i hanuz ilmiy munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Uning asl maqsadi va tarixini anglash kelajakdagi ko‘plab tadqiqotlarni talab qiladi.
Sharhlar