Falastin xalqi poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga to‘la haqli – О‘zbekiston prezidenti

Фото: president.uz

О‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 noyabr kuni xalqaro hamjamiyatning G‘azo va Livandagi keskinlikni kamaytirish, yuzaga kelayotgan vaziyatni tez fursatda siyosiy yo‘l bilan hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini birlashtirish masalalariga bag‘ishlangan navbatdan tashqari arab-islom sammitida nutq so‘zladi.

«Bugungi sammitda global va mintaqa darajasida samarali mexanizmlar va aniq yechimlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etilishiga ishonch bildirildi. Harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, xavfsiz gumanitar yo‘laklarni ta’minlash va tinchlik muzokaralarini boshlash masalalari Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xavfsizlik Kengashining doimiy e’tibor markazida turishi zarurligi qayd etildi», – deyiladi davlat rahbarining matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

Shavkat Mirziyoev Qadimiy va boy tarixga ega falastin xalqi 1967-yildagi chegaralar doirasida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga to‘la haqli ekanini qayd etdi.

«Shu ma’noda, Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan tashkil etilgan Ikki davlat yechimi uchun global alyans faoliyati qo‘llab-quvvatlandi. Bundan tashqari, Falastin va Livan hududidagi gumanitar inqirozning oldini olish maqsadida yetakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Maxsus agentligi doirasida yordam ko‘lamini kengaytirish taklif etildi».

Davlat rahbari urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni О‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini ta’kidladi.

Falastin xalqiga amaliy yordam ko‘rsatish masalalarini kelgusi yili Samarqandda o‘tadigan “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” sammitida ham muhokama qilish niyati bildirildi.

Muhokamalardan so‘ng tomonlar mojaroning siyosiy-diplomatik yechimini jadal izlashga sodiqligini tasdiqlovchi qo‘shma rezolyutsiya qabul qilindi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.