Farg‘onada Prezident bilan ko‘rishgan qiz Jahon tillari universiteti talabasi bo‘ldi
Prezident Farg‘onaga qilgan safari davomida aholi bilan ko‘rishib, ular bilan muloqat qildi. O‘sha paytda odamlar orasidan chiqib, Prezident bilan suhbat qilgan qiz davlat rahbariga orzu-maqsadlari haqida gapirib bergan va Prezident qizni o‘zi orzu qilgan oliygohga imtiyozli grant asosida o‘qishga tavsiya qilgan.
Uchrashuvdan bir kun o‘tib Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari hamda Jahon tillari universiteti rektori Farg‘onaga borib, viloyat hokimligi binosida bo‘lajak talaba hamda uning onasiga o‘qishga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi sertifikatni topshirgan.
“Jiyanim bilan xiyobonda sayr qilib yurgandik. Kutilmaganda massivga Yurtboshimiz tashrif buyurib, fuqarolar bilan suhbatlashishni boshladilar. Men ham Prezidentimizga peshvoz chiqib, samimiy tilaklarimni aytdim. O‘zimning orzu-maqsadlarim haqida gapirib berdim. Davlatimiz rahbari meni o‘zim orzu qilgan oliygohda imtiyozli grant asosida o‘qishga tavsiya qilib, omad tiladilar. Menga bildirilgan bu ishonchni albatta oqlash uchun puxta bilim olib, kelajakda Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan kadr bo‘lib yetishishga harakat qilaman”, – deydi Madinaxon Soliyeva.
Ma’lumot o‘rnida, Madinaning otasi – Jahongir Tursunov quruvchi-usta, onasi – Maynaxon Mamatqulova esa uy bekasi.
Sharhlar