Farg‘onada sanoatga katta turtki beradigan loyihalar ko‘paytiriladi
Farg‘onada sanoatga katta turtki beradigan loyihalar ko‘paytiriladi. Energetika, neft-gaz va kimyo sohalarida 2 milliard dollarlik loyihalar rejalashtirilgan.
Kuni kecha Beshariqda 500 megavattli, O‘zbekiston tumanida 180 megavattli fotoelektr stansiyalarini qurish ishlariga start berildi.
Toshloqda 120 million dollarlik float oynasi, O‘zbekiston tumanida 80 million dollarlik 20 turdagi qurilish materiallari korxonasi, Quvasoyda 65 million dollarlik keramo-granit loyihasini tezlashtirish zarurligi qayd etildi.
Quvasoyda elektromobilni zaryadlash stansiyalarini ishlab chiqarish korxonasini joriy yilda ishga tushirish, Rishtonda yiliga 17 ming tonna biologik parchalanadigan noto‘qima mato ishlab chiqarish bo‘yicha loyihani jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.
So‘nggi uch yilda viloyatdagi 110 ming aholiga dehqonchilik qilish uchun 25,5 ming gektar yer berilgan. Ushbu yerlarda 3 marta hosil olish bo‘yicha Farg‘ona tajribasini yaratish topshirildi.
Kelgusi yili viloyatdagi barcha paxta maydonlarida Shinjon-Uyg‘ur tajribasi asosida paxtani ko‘chatlab ekish texnologiyasi joriy qilinadi, zamonaviy urug‘chilik korxonasi tashkil etiladi.
Shuningdek, 15 ta tumanda 500 gektardan yerda bog‘lar tashkil qilinib, 50 sotixdan 30 ming aholiga bo‘lib beriladi, viloyatdagi 8 ming gektar samarasiz bog‘lar yangilanadi.
Farg‘ona tumanida sanoat usulida Italiya va Polshaning serhosil malina navlari ekiladi. Qo‘shtepa va Yozyovonda 1 ming gektardan yuqori hosildor bodom, shaftoli, gilos va olxo‘ri bog‘lari tashkil qilinadi.
Viloyatdagi yirik bog‘bonlarning yerida 50-100 tonnalik muzlatkichli ombor tashkil qilish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Buni hisobiga ularni eksport salohiyati 2 karra oshadi, yo‘qotishlar 25 foizga qisqaradi, 4 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston, Rishton, Beshariq, Bog‘dod tumanlarida joriy yilda har biri 10 ming tonnalik saqlash, saralash va qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirish topshirildi.
Viloyat bog‘bon-tadbirkorlarining meva-sabzavotni saqlash, saralash va qayta ishlash loyihalariga xorijiy valyutada olingan kreditlarning 6 foizgacha qismi qoplab beriladi.
Shuningdek, Quvasoydagi 12 ming gektar yeri bo‘lgan 616 ta fermerning og‘irini yengil qilish uchun yer solig‘i yarmiga kamaytirilsa, adolatdan bo‘lishi ta’kidlandi.
Sharhlar