Farrux Zokirov va Po‘lat Bulbul o‘g‘liga “xalq artisti” faxriy unvonlari berildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqalari bilan birgalikda ikki mamlakat san’at ustalarining konsertida ishtirok etdilar. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbek va ozarbayjon xalqlarini umumiy tarixiy ildizlar, yagona din, o‘xshash madaniyat va urf-odatlar bog‘lab turadi.
Prezidentlarning irodasi va sa’y-harakatlari tufayli xalqlarimiz yanada yaqinlashdi, davlatlararo munosabatlar ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.
“O‘zbekistonda ham, Ozarbayjonda ham ikki mamlakat madaniyat arboblarining ijodiga katta hurmat va mehr bilan qarashadi. Prezidentlar farmoni bilan, afsonaviy xonandalar Farrux Zokirov va Po‘lat Bulbul o‘g‘liga “xalq artisti” faxriy unvonlari berildi”, – deyiladi xabarda.
Konsert o‘zbek va ozarbayjon xalqlarining ko‘p asrlik do‘stligi, uyg‘un an’ana va qadriyatlarining yana bir bor namoyon etdi.
Iste’dodli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlarda madaniyatlarimizning boyligi va rang-barangligi, shu bilan birga, mushtarakligi va o‘ziga xosligi mujassam bo‘ldi.
Sharhlar