Shahar favvoralarida cho‘milish mumkinmi?
O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi shahar favvoralarida cho‘milish yuzasidan ma’lumot taqdim etdi.
Shahar markazida chiroyli favvora mavjud. U tozalanadi, yuviladi va toza ichimlik suvi quyiladi. Bu suv bir necha hafta davomida yopiq siklda aylanadi. Hech qanday xavf yo‘qdek tuyuladi. Lekin favvoraning toza bo‘lib tuyulishini butunlay inkor etadigan bitta holat mavjud – u ochiq osmon ostida. Barcha tirik mavjudotlar va shamol uchun ochiqdir. Masalan, favvora ustidan bir qush uchib o‘tdi va u axlatini suvga tushirdi. Qarabsizki, suvda gelmint lichinkalari ko‘payishni boshlaydi.
Shuningdek, yaqin atrofda yugurib yurgan kuchukcha suv ichdi va cho‘milib oldi, yana gelmint tuxumlari qo‘shildi. Shu sababli favvoralarda cho‘milgan odam turli ichak va teri kasalliklarini yuqtirib olishi mumkin.
Favvoralar suvi basseynlar suvi kabi zararsizlantirilmaydi. Yana bir jihati, cho‘milayotgan odam favvoraning silliq tubida sirpanib yiqilib tushishi mumkin. Suvning tubida esa qattiq shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan o‘tkir, qirrali moslamalar joylashgan bo‘ladi.
Shunday qilib, favvoralar shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shish va salqinlik berish uchun qurilgan me’moriy va dekorativ element bo‘lib, ular suvi ichish yoki cho‘milish uchun mo‘ljallanmagan, deyiladi xabarda.
Sharhlar