FIDIC amaliyoti va hujjatlarining 1- va 2-moduli bo‘yicha birinchi bosqichda 300 nafar xodimni o‘qitish rejalashtirilgan
Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva ma’lum qildi.
2025-yil 1-yanvardan yangidan boshlanadigan yo‘l-qurilish obyektlarida loyihani muhandislik boshqarish va texnik nazorat qilish ishlari autsorsing shartlari asosida Xalqaro muhandislar-konsultantlar federatsiyasi (FIDIC) amaliyoti va hujjatlariga muvofiq mustaqil tashkilotlar, shu jumladan xususiy sektor tomonidan amalga oshirilishi yuzasidan tegishli tartib o‘rnatish topshirig‘i berilgan edi.
Shuningdek, mazkur tartibni amalga oshirishni tashkil etish maqsadida mahalliy muhandis-konsultantlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash hamda ularni “FIDIC” sertifikatlari bilan ta’minlash choralarini ko‘rish belgilab qo‘yildi.
“Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Mahalliy ahamiyatdagi mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish” loyihasi doirasidagi iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining tarkibiy tuzilmalari hamda Transport nazorati inspeksiyasining xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurs (trening)lar tashkil qilindi”, – deyiladi xabarda.
Treninglar 30 kishidan iborat jami 10 ta guruhda tashkil etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirda 5 ta guruh — jami 150 nafar xodim uchun o‘quv kurslari o‘tkazildi va tegishli “FIDIC” sertifikatlari bilan ta’minlandi.
Qolgan 5 ta guruh uchun joriy yilning oktyabr oyi yakuniga qadar treninglar tashkil qilish rejalashtirilgan.
Sharhlar