FIFA prezidenti Janni Infantino Oʻzbekiston delegatsiyasi bilan uchrashdi

Bugun FIFA prezidenti Janni Infantino Parijda joylashgan tashkilot ofisida Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi va bu haqda oʻzining rasmiy sahifasida quyidagicha post qoldirdi, deb yozmoqda Sport vazirligi.

“Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda FIFA doirasidagi xalqaro musobaqani qabul qiladigan birinchi davlat boʻladi, mamlakat 14-sentyabrdan 6-oktyabrgacha FIFA Futzal Jahon Chempionatiga mezbonlik qiladi.

Men ushbu tarixiy musobaqaga tayyorgarlik koʻrishdagi ulkan ishlar uchun minnatdorchilik bildirdim va omad tiladim. May oyida Samarqandda oʻtkazilgan qurʼa tashlash marosimi Oʻzbekistondan nimalarni kutishimiz mumkinligini koʻrsatib berdi. Men ushbu mamlakatdan ajoyib va goʻzal turnir mezbonligini kutmoqdaman”, – deydi Infantino.

FIFA prezidenti, oʻzining xabarida shuningdek, bugungi tadbir davomida Oʻzbekistonga FIFA Futzal Jahon chempionati rasmiy kubogini topshirganligini qayd etgan. Bundan tashqari, Parijda joylashgan ofisdagi muzey haqida aytib, u yerda Ravshan Irmatovning hakamlik davridagi eksponatni koʻrish yoqimli boʻlganligini taʼkidlab oʻtgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.