Toshkent IIBB talabalarni ijaraga uy olishda firibgarlardan ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi
Toshkent shahar IIBB talabalarni ijaraga uy olishda firibgarlardan ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.
Poytaxtga kelib, ijara uylarga joylashayotgan talabalardan g‘arazli maqsadlarda foydalanayotganlar uchramoqda. Xususan, firibgarlar ijtimoiy tarmoqlarda yoki e’lonlar joylashtiriladigan ilova hamda veb-saytlarda arzon narxlarda ijaraga uy taklif qilishadi. Agar unga qiziqish bildirilsa, firibgarlar xaridor ko‘pligini sabab qilib, uni band qilish uchun oldindan pul talab qilishadi.
“Barcha firibgarlar bank plastik karta raqamlarini taqdim etganidan so‘ng kelishilgan pulni tashlab berishingizni so‘raydi. Bu esa sizga qo‘yilgan asosiy tuzoqdir. Ya’ni, siz pul o‘tkazmasini amalga oshirganingizdan so‘ng uy egasini ham, pullaringizni ham qaytib ko‘rmaysiz”, — dedi Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xodimi Sheroz Muhammadov.
Boshqarma talabalarning firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmasliklari uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilishni so‘ramoqda:
- internetda ko‘rgan har qanday e’lonlarga ishonib qolmaslik;
- uyni ko‘rmasdan oldin to‘lov qilmaslik va iloji bo‘lsa, ishonchli mutaxassislar bilan ishlash;
- ijara shartnomasi tuzishga alohida e’tibor berish.
Sharhlar