Firibgarlarni chalg‘ituvchi “kampir” ovozidagi sun’iy intellektni ishga tushirildi
Telefon sohasida yetakchi O2 kompaniyasi firibgarlarni uzoq suhbatlarda ushlab turadigan va haqiqiy odamlarni firibgarlikdan himoya qilishga yordam beradigan yangi sun’iy intellekt vositasini ishlab chiqdi. Ushbu vosita “Swerve the Scammers” kampaniyasi doirasida yaratilgan va “Daisy” deb nomlangan.
Daisy sun’iy intellekti firibgarlarni chalg‘itish uchun keksa buvijon ovozida gapiradi. Ushbu ovoz firibgarlarning odatda yoshi ulug‘ odamlarni nishonga olishga moyilligiga asoslangan. Daisy firibgarlarni turli mavzular bo‘yicha chalkash hikoyalar va soxta ma’lumotlar bilan band qilib, ular bilan 40 daqiqagacha gaplashishi mumkin.
U firibgarlarni haqiqiy odam bilan gaplashayotgandek chalg‘itib, ularni yolg‘on bank ma’lumotlari va boshqa soxta ma’lumotlar bilan aldab, haqiqiy qurbonlarga zarar yetkazilishining oldini oladi. Shu bilan birga, u firibgarlar qo‘llaydigan usullarni fosh etib, O2 kompaniyasiga mijozlarini firibgarlikdan yaxshiroq himoya qilish imkonini beradi.
Virgin Media O2 kompaniyasining firibgarlikka qarshi kurash bo‘limi rahbari Myurrey MakKenzi shunday dedi:
“Biz firibgarlarni to‘xtatishda yetakchi rolni o‘z zimmamizga olganmiz. Firibgar matnlarni bloklash uchun xavfsizlik devori texnologiyalaridan foydalanamiz, spam qo‘ng‘iroqlarni aniqlash uchun esa sun’iy intellektdan foydalanamiz. Daisy bizning yangi qurolimiz bo‘lib, firibgarlarni o‘z usullari bilan mag‘lub etadi.”
MakKenzi Daisy’ning nafaqat firibgarlarni chalg‘itishga, balki mijozlarni telefonda ishonchni suiiste’mol qiladigan odamlardan ehtiyot bo‘lishga undashini ta’kidladi.
Sharhlar