Nodir Ganiyev O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi etib tayinlandi
O‘zbekistonning yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Nodir Ganiyev Fransiya poytaxtiga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Yangi elchi shu kunga qadar dastlab O‘zbekistonning Shvetsiyadagi Muvaqqat ishlar vakili, 2023-yil oktabr oyidan e’tiboran esa birinchi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimida ishlagan.
Agentlik eslatishicha, Stokgolmdagi diplomatik vakolatxona 2022-yilda ochilgan va O’zbekistonning xorijiy davlatlardagi 36-elchixonasi bo‘lgan edi.
Nodir Ganiyev 52 yoshda. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O’zbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetini bitirgan. 1994-yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. U markaziy apparatda va mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida turli lavozimlarda ishlagan.
Shvetsiyaga tayinlanishidan oldin TIVning Yevropa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasiga rahbarlik qilgan.
Nodir Ganiyev Parijda 2018—2023-yillarda O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasiga rahbarlik qilgan va Hindistondagi elchi etib tayinlangan Sardor Rustamboyev o‘rniga tayinlandi.
Sharhlar