O‘zbekistondagi 12 ta bog‘chada fransuz tili o‘qitiladi
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Fransiyada bo‘lib o‘tgan Xalqaro Frankofoniya tashkilotining 19-sammitida ishtirok etdi.
Mazkur sammit doirasida vazir Hilola Umarova va Kokoro Lingua kompaniyasi asoschisi Natali Lasslet o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda tomonlar O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 5-6 yoshli bolalar uchun innovatsion Kokoro lingua platformasi yordamida bolalarga fransuz tilini o‘rgatish masalalarini muhokama qilishdi.
Muhokamalar yakunida kelgusi bir yil davomida 12 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bepul tarzda fransuz tilini o‘qitish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Ma’lumot uchun: Kokoro lingua – bolalar uchun til o‘rgatish bo‘yicha innovatsion xalqaro kompaniya hisoblanadi.
Uchrashuvlar davomida vazir Hilola Umarova France Education International tashkiloti Bosh direktori Olivye Brandui bilan ham uchrashdi.
Unda fransuz tomoni bilan O‘zbekistondagi fransuz tili o‘qituvchilarini malakasini oshirish va trener o’qituvchilarini tayyorlash, o‘qituvchilar almashuv dasturini joriy qilish hamda O‘zbekistonda fransuz tili testlarini (DELF junior, DALF) joriy qilish masalalari yuzasidan kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun: France Education International 1945-yilda tashkil topgan bo’lib, tashkilotning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri til bo‘yicha sertifikatlash va testlar tuzishdan iborat.
Sharhlar