Fuqarolar qabuli va sayyor qabullarni o‘tkazishda majburiy tarzda surdotarjimon ishtiroki ta’minlanadi
“Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-oktyabrdan:
🔹rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi nogironligi bo‘lgan shaxslarga sharoitlar yaratish bo‘yicha shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi;
🔹har yili “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi mablag‘larining kamida 10 foizi chorrahalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar (piyodalar) uchun xavfsiz va to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlariga yo‘naltiriladi.
2025-yil 1-yanvardan belgilangan faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya berishda obyektda shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘siqlarsiz muhit yaratilganligi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasini olish talab qilinadi.
Qarorga muvofiq, 2024-yil 1-sentyabrgacha vazirlik va idoralar, ularning hududiy bo‘linmalari hamda tizim tashkilotlarida bir nafar rahbar o‘rinbosari nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratilishi bo‘yicha mas’ul etib belgilanadi.
2025-yil 1-yanvardan:
🔹vazirlik va idoralar, ularning tizim tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar fuqarolar qabuli va sayyor qabullarni o‘tkazishda majburiy tarzda surdotarjimon ishtirokini ta’minlaydi;
🔹vazirlik va idoralar, ularning tizim tashkilotlari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha bir nafar xodimi surdotarjimonlik kurslarida o‘qitiladi.
2024-yil 1-oktyabrdan:
🔸shahar yo‘lovchi transportida I guruh nogironligi bo‘lgan shaxs va ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga bepul xizmat ko‘rsatiladi;
🔸I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning shaxsiy avtotransport vositalarini moslashtirish xarajatlarining 50 foizi (BHMning 30 baravarigacha bo‘lgan miqdorda) qoplab beriladi.
Ijtimoiy inspeksiya nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay muhit va to‘siqlarsiz harakat qilish imkoniyatlari yaratilganligini nazorat qiluvchi vakolatli organ etib belgilandi.
Sharhlar