Fuqarolar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega bo‘ladi

Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan quyidagilar davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda tuman (shahar) va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalarida rejali statsionar tibbiy yordamni elektron navbat asosida bepul olish huquqiga ega bo‘ladi:

  • jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘lovchilar;
  • Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq to‘lagan shaxslar;
  • voyaga yetmaganlar, ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalari, homilador ayollar va ikki yoshga to‘lmagan bolasini parvarishlayotgan shaxslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tganlar, davlat pensiyasini oluvchilar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalarning a’zolari.

2027-yil 1-yanvardan so‘nggi bir yil davomida kamida 6 oy jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki ijtimoiy soliq to‘laganlar uchun davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida yuqori texnologik tibbiy yordam bepul amalga oshiriladi.

Shuningdek, qarorga muvofiq, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish doirasida:

  • 2024-yil yakunigacha “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari amaliyotga joriy etiladi;
  • davlat tibbiy sug‘urtasining axborot tizimi ishlab chiqiladi hamda amaliyotga joriy qilinadi;
  • tibbiyot muassasasi rahbariga muassasaning quvvati doirasida bo‘linmalar ixtisoslashuvini, ulardagi davo o‘rinlari sonini o‘zgartirish hamda ajratilgan mablag‘lar doirasida xodimlar sonini ish hajmiga muvofiq belgilash vakolati beriladi;
  • tibbiyot muassasalari uchun tasdiqlangan shtat me’yorlari tavsiyaviy tusga ega hisoblanadi hamda 2025-yil 1-iyuldan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq to‘lashning alohida tartibi hamda shartlari tatbiq etiladi;
  • ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamning tasdiqlangan standart hamda protokollarga muvofiqligi va sifati nazorat qilinadi.

2025-yil 1-aprelgacha Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar davolanadigan kasalliklar ro‘yxati hamda bazaviy narxlari kasalliklarni davolash yo‘nalishlari asosida barcha tibbiyot tashkilotlari uchun qayta tasdiqlanadi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.