Fuqarolik jamiyati institutlariga 10 ga yaqin qo‘shimcha imtiyozlar beriladi
Adliya vazirligida Prezidentimizning “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish maqsadida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratildi, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari takomillashtirildi ta’kidlandi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritildi, ular konstitutsiyaviy institut sifatida e’tirof etildi, 2021 — 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi.
Parlament hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari huzurida jamoat fondlari tuzilgan. Jumladan, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Davlat budjetidan so‘nggi yetti yilda 718 milliard so‘m ajratildi (2008 — 2016 yillarga solishtirganda 12 barobar ko‘p). Keyingi 3 yilda hududiy fondlar orqali 83 milliard so‘mlik 1600 ta loyiha amalga oshirildi.
Shuningdek, Nogironlar jamiyati, Karlar jamiyati, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Nogironlar assotsiatsiyasi, ularning 500 ga yaqin tizim tashkilotlari to‘liq davlat homiyligiga olindi. So‘nggi 7 yilda har bir hududda «Nodavlat notijorat tashkilotlar uylari» tashkil etildi (350 ta NNT bepul joylashtirildi).
Muhim o‘zgarishlar qatorida — nodavlat notijorat tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bojlari o‘rtacha ikki barobarga pasaytirildi. Natijada fuqarolar huquqini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va boshqa sohalarda qariyb 10 mingta nodavlat notijorat tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda, ularda 70 mingga yaqin insonlar mehnat qilmoqda.
Yuqoridagi Farmon islohotlarning uzviy davomini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning shaffof va sog‘lom raqobat tamoyiliga asoslangan tizimini, shuningdek, ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratadi.
Farmon bilan fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi quyidagi yangi islohotlar nazarda tutilmoqda.
Xususan, parlament huzurida Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilib, ijtimoiy loyihalarning manzilliligi ta’minlanadi, byurokratiyaga chek qo‘yiladi. Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish bilan bog‘liq barcha jarayonlarning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan yagona elektron platforma ishga tushiriladi.
Farmonga ko‘ra, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan quyidagi mexanizmlar joriy etilmoqda:
- har yili davlat organlari ijtimoiy buyurtma tanlovlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazadi;
- davlat organlariga fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbusli ijtimoiy sheriklik loyihalarini BHMning 1 000 baravarigacha tanlovlarsiz moliyalashtirish huquqi beriladi;
- har yili Hukumat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosiga fuqarolik jamiyati institutlarini ijtimoiy sheriklik asosida jalb qilish bo‘yicha dastur qabul qiladi.
- Ijtimoiy ahamiyatga molik faoliyatni ommalashtirish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlariga quyidagi imtiyozlar berilmoqda:
- davlat grantlari va ijtimoiy buyurtma loyihalari doirasida daromad solig‘i va ijtimoiy soliq stavkalari 3 yil muddatga 50 foizga kamaytirilmoqda;
- 2025 yil 1 yanvardan boshlab nogironlar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun undiriladigan davlat boji 2 baravarga kamaytirilmoqda;
- homiylik tashkilotlarining ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga xayriya pulining soliq solinmaydigan miqdori amaldagi 15 mln so‘mdan 34 mln so‘mgacha (BHMning 100 baravari) oshirilmoqda.
Farmon fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqadi, mazkur jarayonlar shaffofligining yuqori standartlarini belgilaydi. Eng muhimi, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita ishtiroki uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi, xususan, ijtimoiy sheriklik institutini amalda rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy va huquqiy sharoitlar yaratadi, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati ta’sirchanligini oshiradi.
Sharhlar