Jahon futbolining afsonalari O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi
Yurtimizda o‘tayotgan Yoshlar forumi doirasidagi tadbirlarda qatnashayotgan jahon futbolining yorqin yulduzlari – Braziliya terma jamoasining afsonaviy darvozaboni Dida va futbolchi Serjino, Italiya terma jamoasining sobiq futbolchilari Kristian Panuchchi va Kristian Zakkardo O’zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib, mamlakatimiz olimpiya harakati bilan yaqindan tanishdi, deb yozadi O’zA.
Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O’FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov futbol yulduzlariga o‘zbek sportining shonli tarixi, Olimpiya o‘yinlarida erishgan natijalar va “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik haqida so‘zlab berdi.
O’z navbatida, dunyoga dong‘i ketgan futbolchilar mamlakatimizda sportga, xususan futbolga berilayotgan e’tibor, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarga yuqori baho berdi.
Mehmonlar Milliy olimpiya qo‘mitasining tashrif kitobiga samimiy dil izhorlarini bitdi.
Sharhlar