O‘zbekistonda so‘nggi Chevrolet Lacetti avtomobili ishlab chiqarildi
26-iyul kuni UzAuto Motors Asaka zavodi konveyeridan 487 104 chi Chevrolet Lacetti ishlab chiqarildi. U tarixda so‘nggi Lacetti (Gentra) bo‘lib muhrlandi. Bu haqda UzAuto Motors kompaniyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
2013-yildan ishlab chiqarilishi boshlangan Chevrolet Lacetti ilk yillarda 11 222 dona ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2023-yilda bu koʻrsatkich 89 565 donaga yetdi.
“Oʻtgan 10 yil davomida u ko‘plab avtomobil ixlosmandlari uchun ishonchli va qulay avtomobil bo‘lib xalq avtomobiliga aylanib ulgurdi. U avtomobil bozorida o‘z o‘rni hamda mavqeini mustahkamlab, xalq qalbidan munosib oʻrin oldi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Chevrolet Lacetti avtomobillarini ishlab chiqarishni to‘xtatish rejalari 2022-yil dekabr oyida e’lon qilingan, General Motors Global siyosati tufayli 2024-yilning yanvaridan Gentra (Lacetti) ishlab chiqarishni to‘xtatishni rejalashtirgan edi. Ammo 2024-yil mayida UzAuto Motors ehtiyot qismlar va butlovchi qismlar mavjudligi sababli Chevrolet Lacetti avtomobillarini ishlab chiqarishni davom ettirayotgani xabar berildi.
Sharhlar