Germaniya Federal razvedka xizmati (BND) rahbari Bruno Kalning fikricha, Rossiya G‘arb mamlakatlari bilan harbiy to‘qnashuvga tayyorgarlik ko‘ryapti. Bu haqida DW xabar bermoqda. Ammo bunga qadar Moskva NATO davlatlari o‘rtasida nizo chiqarishga urinish mumkin. Bu haqda Bruno Kal 27-noyabr kuni Germaniya Tashqi siyosat jamiyati tomonidan tashkil etilgan tadbirda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya to‘liq miqyosdagi harbiy hujumdan avval NATO nizomining 5-moddasini sinovdan o‘tkazish uchun mahalliy mojarolarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday holat sifatida Kal Norvegiyaga qarashli Shpitsbergen arxipelagiga qisqa muddatli hujum ehtimolini misol qilib keltirdi. Bundan tashqari, Boltiqbo‘yi davlatlaridagi rus tilida so‘zlashuvchi aholining himoyasi bahonasida mojarolarni yuzaga keltirish xavfi ham bor.
Agar NATO 5-moddasi bunday mojarolar davomida ishga tushmasa, bu ittifoqning nufuzi tushishiga olib kelishi mumkin, deb ta’kidladi razvedka rahbari.
5-modda: Kollektiv mudofaa
NATO a’zolaridan biriga qarshi qurolli hujum amalga oshirilsa, bu barcha a’zo davlatlarga qarshi qilingan hujum sifatida ko‘riladi. Hujumga uchragan a’zoga yordam berish maqsadida, boshqa a’zo davlatlar shartnoma bo‘yicha individual yoki kollektiv tartibda, jumladan, qurolli kuchlarni qo‘llash orqali zarur choralarni ko‘radi. Ushbu choralar BMT Xavfsizlik Kengashiga xabar qilinadi.
Rossiya qachon urushga to‘liq tayyor bo‘ladi
Bruno Kalning fikricha, Rossiya 2030-yilgacha G‘arbga qarshi to‘liq miqyosdagi urush olib borish uchun zarur resurslarga ega bo‘ladi. Germaniyadagi ayrim siyosiy kuchlarning Rossiya targ‘ibotini qo‘llab-quvvatlayotgani razvedka idorasi uchun xavotir uyg‘otayotgani ta’kidlandi.
Dezinformatsiya va kiberhujum xavfi
Rossiya Germaniyada dezinformatsiya va propaganda kampaniyalarini kuchaytirmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar va muhojirlar masalasi kabi ziddiyatli mavzularni suiste’mol qilish orqali nemis jamiyatidagi nizo va bo‘linishlarni kuchaytirishga urinayotgani aytildi.
Mazkur holatda Germaniya razvedkasi xavfsizlikni ta’minlash uchun doimiy ogohlikka chaqirdi.
Sharhlar