Germaniyada Rossiyaning “Birinchi kanali” vakolatxonasi yopildi. Vaziyat keskinlashmoqdami

Foto: Ochiq manba

Rossiyaga qarashli Birinchi kanal vakillari Germaniya hukumatidan mamlakatni tark etish bo‘yicha rasmiy talabni olganliklarini ma’lum qilishdi. Bu haqda 27-noyabr kuni DW “Birinchi kanal”ning Germaniyadagi muxbiri Ivan Blagoyga tayanib xabar bermoqda.

Blagoyning so‘zlariga ko‘ra, nemis huquqshunosi hujjatlarni o‘rganganidan so‘ng, talablarga hech qanday asos yo‘qligini ta’kidlagan. U Germaniya qonunlarini buzmaganliklarini va mamlakat talablari doirasida ishlaganliklarini aytdi. Blagoy bu qarorni Kaliningraddagi gaz taqsimlash stansiyasidagi portlash ishi bo‘yicha nemis fuqarosining hibsga olinishi haqida tayyorlangan reportaj bilan bog‘ladi.

“Birinchi kanal” ijodiy guruhi Kaliningraddagi voqea bilan bog‘liq bo‘lgan shaxs haqida material tayyorlash uchun Gamburgda ishlagan. Ularning reportajida ushbu shaxsning Ukraina maxsus xizmatlari bilan uchrashgan manzillari ko‘rsatilgan edi. Ushbu reportaj efirga uzatilganidan ko‘p o‘tmay, Germaniya hukumatining vakolatxonani yopish va jurnalistlarni mamlakatdan chiqarib yuborish haqidagi talabi kelib tushgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova Germaniyaning ushbu qaroriga javoban Moskvada ham shunga o‘xshash choralar ko‘rilishini bildirdi. “Bugun javob choralari e’lon qilinadi”, dedi u. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi va federal matbuot xizmati bu masala bo‘yicha izoh olish uchun murojaatlarga javob berishini ma’lum qildi.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) bir necha kun avval Germaniya fuqarosi Kaliningradga Polsha orqali kirib, energiya infratuzilmasida sabotaj uyushtirmoqchi bo‘lganlikda gumon qilinib hibsga olinganini xabar qilgan edi. FSB tomonidan e’lon qilingan videoda ushbu shaxs mashinasidan chiqarilib, yerga yotqizilgani va so‘roq qilingani aks etgan.

Bu holat bo‘yicha Germaniya Tashqi ishlar vazirligi qo‘lga olingan shaxsga konsullik yordami taklif etilganini va Rossiya bilan doimiy aloqada ekanliklarini ma’lum qildi.

Mazkur vaziyat Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni yanada keskinlashtirishi mumkin.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.