“G’ishtko‘prik” chegara-bojxona postidagi tirbandliklar yuzasidan izoh berildi

Foto: Kun.uz

Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan “G’ishtko‘prik” chegara-bojxona postida kuzatilayogan tirbandliklar mavzusi yuzasidan bayonot e’lon qildi.

Ta’kidlanishicha, mazkur post O’zbekiston, qolaversa, Markaziy Osiyodagi aholi va yengil avtotransport vositalari eng ko‘p harakatlanadigan chegara-bojxona postlaridan biri hisoblanadi va bu ko‘rsatkich yildan yilga oshib bormoqda.

Masalan, 2024 yilning o‘tgan 7 oyi davomida post orqali 5,7 mln. nafar fuqaro hamda 177 mingdan ziyod avtotransport vositalari harakatlangan. 2021 yilga nisbatan taqqoslanganda, post orqali harakatlangan jismoniy shaxslar 3 barobarga, avtotransport vositalari soni esa 4 barobarga oshgan.

Ayni kunlarda “G’ishtko‘prik” chegara bojxona posti orqali bir kunda o‘rtacha 35-40 ming (kirish-18-20 ming, chiqish-17-20 ming) nafar fuqaro hamda 1000-1200 (kirish-600-650, chiqish-500-600) ta yengil avtotransport vositalari harakatlanmoqda.

Shu boisdan ham postning o‘tkazuvchanligini oshirish, bu yerdan harakatlanayotgan jismoniy shaxslar va avtotransport vositalari uchun zamonaviy va qulay shart-sharoitlarni muhayyo qilish, bojxona nazorati va rasmiylashtiruviga sarflanadigan vaqtni qisqartirish maqsadida hozirda “G’ishtko‘prik” bojxona postini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, O’zbekiston-Qozog‘iston bilan chegaradagi “Navoiy” (O’zbekiston) – Kaplanbek (Qozog‘iston) chegara-bojxona postlari har ikki davlat tomonidan modernizatsiya va rekonstruksiya qilinayotgani sababli hozirda yopiq.

Shuningdek, Qozog‘istonga chiqish yo‘nalishidagi “S.Najimov” (O’zbekiston) – “Kazыgurt” (Qozog‘iston), “Sirdaryo” (O’zbekiston) – “Atamaken” (Qozog‘iston) chegara bojxona postlarining Qozog‘iston tomonida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.

Shu munosabat bilan ushbu postlar orqali piyodalar, avtobus, yengil va yuk ko‘tarish qobiliyati 3,5 tonnagacha bo‘lgan yuk avtotransport vositalari harakati rekonstruksiya davrida vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Bu esa “G’ishtko‘prik” chegara-bojxona postida fuqarolar va transport vositalari harakatida vaqtinchalik yuklama yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Chegara-bojxona postlarida jismoniy shaxslarning bojxona nazorati uzluksiz amalga oshiriladi. Fuqarolarning asosiy qismi “yashil” yo‘lak orqali harakatlanashi sababli bojxonada yo‘lovchilarning to‘planib qolishiga sabab bo‘ladigan kasbiy omil mavjud emas.

Chegara-bojxona postlarida faqatgina bojxona emas, bir nechta nazorat idoralari faoliyat yuritishini inobatga olsak, ushbu idoralarga tegishli axborot tizimlarida vaqti-vaqti bilan kuzatilayotgan uzilishlar ham qisqa muddatli tirbandliklarga sabab bo‘lmoqda.

Qolaversa, mehnat migratsiyasi, yozgi ta’til va bayram arafasidagi ziyorat turizmi sababli avgust oyi chegara-bojxona postlarida fuqarolar gavjumligi oshadigan palla hisoblanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, yengil avtotransport vositalari orqali harakatlanayotgan fuqarolarni Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi “Yallama” chegara bojxona posti orqali harakatlanishlari tavsiya qilindi.

“G’ishtko‘prik” chegara-bojxona posti kechayu kunduz faoliyat yuritishini inobatga olib, postdan o‘tishda sutkaning fuqarolar va transport vositalari gavjum bo‘lmagan vaqtini tanlash maqsadga muvofiqligi ta’kidlangan.

Hozirda kuzatilayotgan noqulayliklar vaqtinchalik harakterga ega bo‘lib, postdagi qurilish-bunyodkorlik ishlari yakuniga yetgach, to‘liq bartaraf bo‘lishi ma’lum qilindi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.