Qirg‘iziston va Tojikistondan keltirilgan giyohvandlik vositalari musodara qilindi
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “Chortoq-Namangan” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli transport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.
Natijada, avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Chortoq tumanida yashovchi, 1986 y.t., muqaddam sudlangan shaxsning yonida 2 kg. 47 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.
Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham kelgusida sotish maqsadida saqlanayotgan 4 kg. 942 gr. “gashish” moddasi olindi.
O’tkazilgan tezkor tadbir natijasida jami 6 kg. 989 gr. “gashish” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu narkotik moddalar muqaddam qirg‘izistonlik narkokur’erlar tomonidan Chortoq tumaniga olib kelinib, xufiya joyga qoldirib ketilganligi ma’lum bo‘ldi.
Davlatobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1996 y.t., muqaddam sudlangan shaxs o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “Lasetti” rusumli avtomashinada 1 kg. 842 gr. “gashish” moddasini Namangan shahrida istiqomat qiluvchi, 1984 y.t. fuqaroga 14 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, kelishilgan puldan 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu giyohvandlik vositasini qirg‘izistonlik narkokurer muqaddam Yangiqo‘rg‘on tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketganligi ma’lum bo‘ldi.
Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1988, 1995, 1998 yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 936 gr. “opiy” moddasini xaridorga berib, undan kelishilgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi bo‘lgan – 1992 y.t. urgutlik shaxs ham ushlandi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur shaxslarning 2 nafari muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun sudlangan bo‘lsalarda, o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishmagan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Quvasoy shahrida yashovchi, 1986 y.t. shaxs muqaddam tojikistonlik jinoiy sherigi tomonidan Quvasoy shahridagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 950 gr. “gashish” moddasini olib, uni 1987 y.t. hamshahariga pulini keyinchalik berish sharti bilan 6 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu narkotik savdosiga Quvasoy shahrida yashovchi, 2002 y.t. fuqaro ham aloqador ekanligi aniqlanib, u ham qo‘lga olindi.
Boshqa holatda esa Qo‘qon shahrida yashovchi, 1963 y.t. fuqaro Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 492 gr. “gashish” moddasini 75 mln. so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Sharhlar