Giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug’ullanib kelgan shaxslar qo’lga olindi
Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida “Toshkent-Jizzax” yo‘nalishida harakatlanayotgan Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.
Natijada, avtomashina yukxonasiga 3080 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yashirib qo‘yilganligi aniqlangan. Shuningdek, mazkur shaxsning jinoiy sherigi bo‘lgan – Baxmal tumanida yashovchi, fuqaro ham qo‘lga olindi. Ushbu dori vositalari Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan.
Shuningdek, Farg‘ona tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs Qirg‘izistondan keltirilgan 2799 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 65 mln. so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.
“Toshkent-Xorazm” yo‘nalishida harakatlanayotgan yuk mashinasi Xazorasp tumanida to‘xtatilib ko‘zdan kechirildi va uning yukxonasidagi maishiy konditsioner ichiga yashirib qo‘yilgan 1 kg. 814 gr. “opiy” moddasi tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan. U Xazorasp tumanida yashovchi fuqaroga tegishli ekanligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va u konditsionerni qabul qilib olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 158 gr. “opiy” va 1 kg. 988 gr. “gashish” moddalari olindi.
Mazkur shaxsni giyohvandlik vositalari bilan ta’minlab kelgan, Surxondaryoda yashovchi, 2 nafar fuqaro ham ushlanib, ulardan birining yashash xonadonidan 424 gr. “opiy” moddasi olingan. Ushbu holatda narkotik moddalar Tojikistondan olib kelinganligi aniqlandi.
Qo‘rg‘ontepa tumanida, Andijon shahri tomon harakatlanayotgan “Nexia” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilganida, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 2 nafar fuqaroga tegishli bo‘lgan va Qirg‘izistondan keltirilgan 4kg. 861 gr. “Pregabalin” nomli kuchli ta’sir qiluvchi modda borligi ma’lum bo‘ldi. So‘ngra tadbir davom ettirilib, ushbu kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qabul qilib olgan vaqtida Andijon shahrida yashovchi shaxs va uning tanishlari bo‘lgan Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi, 2 nafar ayol ushlanib, ulardan 1 kg. 987 gr. “Pregabalin” moddasi hamda 1342 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvi dori vositalari olingan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Sharhlar