“Google” kompaniyasi josuslik qilgani aniqlandi

Foto: mypost.com

Android-smartfonlar o‘z egalarining joylashgan joyini har 15 daqiqada Google kompaniyasiga yuborib turadi, deb xabar beradi “Cybernews” kompaniyasi.

Kompaniya tahlilchilari Android asosidagi Google Pixel 9 Pro XL smartfonini xarid qilib, “toza” akkaunt ochgan hamda kiruvchi va chiquvchi trafikni o‘rganishga kirishgan. Aniqlanishicha, telefon har 15 daqiqada Google serverlari bilan bog‘lanib, foydalanuvchi haqidagi ma’lumotlarni unga yuborib turgan.

Xususan, telefon muntazam ravishda o‘z egasining joylashgan joyi, telefon raqami, elektron pochta manzili, so‘nggi o‘rnatgan ilovalari ro‘yxati haqidagi ma’lumotlarni kompaniyaga yuborib turgan.

Mutaxassislar shuningdek, Android smartfoni egasi foydalanmaydigan servislar haqidagi ma’lumotlarni yuborishini ham aniqlashgan. Masalan, o‘rganuvchilar tadqiqot paytida telefon kamerasi va galereyasidan foydalanmagan, biroq qurilma fotosuratlar haqidagi xizmat bo‘yicha kompaniyaga ma’lumot yuborgan.

Bundan tashqari, sinovdan o‘tgan qurilmada masofadan turib boshqarish funksiyasi borligi ham aniqlandi. “Bu degani, kompaniya, agar istasa, oddiy foydalanuvchilar qurilmasidagi sozlamalarni nazorat qilib, biron bir harakatni amalga oshirishi mumkin”, – deydi “Cybernews” kompaniyasi mutaxassisi Aras Nazarovas. U shuningdek, smartfon egalari o‘z qurilmalari ustidan to‘liq nazoratga ega emasligini ham qayd etdi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.