Gruziyada saylov natijalari e’lon qilindi, ammo noroziliklar davom etmoqda

FOTO: BBC

Gruziyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarining yakuniy natijalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlandi. Protokolga MSK raisi Georgiy Kalandarishvili va kotibi Georgiy Javahishvili imzo chekdi.

“Yakuniy protokol tuzildi. Shu bilan saylov jarayoni rasmiy ravishda tugallandi”, -dedi MSK raisi Kalandarishvili.

E’lon qilingan ma’lumotlar dastlabki natijalardan farq qilmaydi. Unga ko‘ra, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi ovozlarning 53,93 foizini, ya’ni parlamentdagi 150 o‘rindan 89 tasini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, parlamentga to‘rtta muxolif kuch — uchta koalitsiya va sobiq bosh vazir Georgiy Gaxariya boshchiligidagi partiya o‘tishi kutilmoqda.

Saylov natijalariga nisbatan noroziliklar davom etmoqda. Parlamentga kirgan birorta ham muxolifat partiyasi natijalarni tan olmayapti va ularni hukmron partiya tomonidan xalqdan “o‘g‘irlangan” deb atamoqda. Norozilik namoyishlari va marshlar mamlakat bo‘ylab deyarli har kuni o‘tkazilmoqda.

MSK majlisida ham ziddiyatli holatlar yuz berdi. Muxolifat vakili David Kirtadze MSK raisi Kalandarishviliga qora suyuqlik sepib yubordi va uni “mamlakatning qora dog‘i” deb atadi.

Mazkur voqea Kalandarishvilining Kirtadzega chiqish vaqtining tugagani va bu siyosiy bayonot ekanini ta’kidlab, nutqini bo‘lganidan keyin yuz berdi. Hodisadan so‘ng majlis bir necha daqiqaga to‘xtatildi. Kalandarishvili keyinchalik ko‘zini bog‘lagan holda majlisga qaytdi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.