O‘zbekistonda gugurt ishlab chiqaruvchi 5 ta korxonaning mahsulotlari sifatsiz deb topildi

Фото: Shutterstock

O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi nazorat xaridi uchun “AVION”, “JEEP”, “FESKO”, “GUGURT” va “VIKTORY” savdo belgisi ostidagi gugurt mahsulotlaridan sotib olingan namunalarning GOST 1820-2001 standarti talablariga nomuvofiqligini aniqladi.

Qo‘mita tomonidan holat yuzasidan olib borilgan o‘rganishlarda quyidagilar aniqlandi:

Xarid qilingan namunalarda minimal gugurt cho‘pi soni 11-17 donaga kamligi natijasida

– “UP-MATCH” MChJ (“JEEP”) 150 mln so‘mlik mahsulot sotilgan, iste’molchilardan esa 44 mln 700 ming so‘m ortiqcha mablag‘ olingan;
– “ATLAS-INVEST” MChJ tomonidan 66,5 mln so‘mlik gugurt sotilgan bo‘lib, iste’molchilardan 20,5 mln so‘m ortiqcha mablag‘ olingan.

Raqobat qo‘mitasi tomonidan mazkur MChJlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan. Mazkur jamiyatlar tomonidan ko‘rsatma talablari o‘z vaqtida bajarilishi ta’minlandi. ya’ni sifatsiz gugurt mahsulotlari savdo rastalaridan olindi. Ortiqcha olingan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish yoki gugurtlarni sifatlisiga almashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, sifatsiz chiqqan “AVION”, “FESKO” va “VIKTORY” savdo belgisi ostidagi gugurt mahsulotlari xorijiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgani aniqlandi hamda ularga nisbatan ham belgilangan tartibda chora ko‘rish ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida. GOST 1820-2001 standarti talablari bo‘yicha 4 (2/3) formatdagi gugurtlarning alohida qutilarida eng ko‘p to‘ldirilishi 40 dan 60 donagachani tashkil etishi, eng kam to‘ldirilishi 37 dan 52 donagacha bo‘lishi shart.

Ushbu holatlar yuzasidan, gugurt mahsulotlari realizatsiyasida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan subyektlarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish ishlari olib borilmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.