Gulnoza Matniyazova professional sportchilik faoliyatini yakunladi
Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlaridan soʻng mahoratli dzyudochi Gulnoza Matniyazova professional sportchilik faoliyatini rasman yakunlaganini eʼlon qildi. Bir necha kundan soʻng 30 yoshni qarshi oladigan sportchi Rio-2016, Tokio-2020 va Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari, 3 ta Osiyo oʻyinlari, jahon chempionatlari, “Katta dubulgʻa” va Gran-pri musobaqalarida Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qildi.
Kecha Olimpiya oʻyinlari doirasida aralash jamoaviy dasturda 3 ta terma jamoa vakillariga qarshi bahsda barcha bellashuvlarda gʻalaba qozondi va sportchilik faoliyatini yuqori notada yakunladi. Uning xizmatlari mamlakat tomonidan munosib eʼtirof etilib, 2021-yil “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
“Oʻzbekistonda ayollar dzyudosining yangi bosqichga koʻtarilishida Matniyazovaning ham ulkan hissasi bor. Zero, aynan Gulnozaga havas qilgan yuzlab qizaloqlar dzyudo sportini tanlashdi. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi mahoratli sportchimizga ajoyib faoliyat uchun tashakkur bildirib, unga kelgusida mustahkam sogʻlik va omad tilaydi. Unutilmas va hayajonli daqiqalar, yorqin gʻalabalar uchun rahmat, Gulnoza!”, – deyiladi xabarda.
Sharhlar