“Halok bo‘lgan askarlarning jasadlarini mashinada tashidim” — Rossiya armiyasiga yollangan yana bir o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi

Фемида
Источник: unsplash.com

Bulung‘urlik 56 yoshli fuqaro Rossiya fuqaroligini olish uchun Toshkentdagi Rossiya elchixonasiga murojaat qilgan. Elchixona ko‘rsatmasi bilan Chelyabinsk oblastiga borib, Rossiya fuqaroligini olgan odam tez orada Ukrainaga qarshi urushga jo‘nab ketgan. 2023-yil oktyabr oyida Donetsk oblastida dron hujumi natijasida qo‘l va oyoqlaridan jarohatlangan. Rossiya armiyasi safida jang qilgan o‘zbekistonlikka nisbatan hukm chiqarildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmiga ko‘ra, Samarqand oblasti Bulung‘ur tumanida yashovchi 1968-yilda tug‘ilgan Sh.J. 2023-yil avgust oyida Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari safiga chaqirilgan. 2023-yil 28-avgustdan 11-oktyabrgacha Donetsk va Lugansk oblastlarida Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashgan.

Sh.J. Rossiya fuqaroligini olish uchun Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasidan “yo‘llanma” olgan. Bu haqda u sudda bergan ko‘rsatmasida aytib o‘tgan.

“2005-yildan beri Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg va Moskva shaharlarida qurilish-ta’mirlash ishlarida elektromontyor bo‘lib ishlayman. Bu davrda qog‘ozbozlik bilan ko‘p qiyinchiliklarga duch keldim. Shuning uchun 2023yil aprel oyida О‘zbekistonda bo‘lganimda Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasi bilan bog‘landim. U yerda menga Chelyabinsk oblastiga borishni maslahat berishdi va u yerda Rossiya fuqaroligi masalasini ko‘rib chiqish uchun ko‘rsatma berishdi, – deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u SSSR davrida tug‘ilgani uchun Chelyabinsk oblastiga borib, Rossiya fuqaroligini olgan.

“2023yil 28avgust kuni Sankt-Peterburg mudofaa ishlari bo‘limiga ro‘yxatdan o‘tish uchun kelganimda, ular menga Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlarida harbiy xizmatni o‘tash uchun shartnoma berishdi. Uni o‘qib chiiqshga ham ulgurmadim. Rossiya Mudofaa vazirligi xodimlari meni harbiy poligonga olib ketdi, u yerda harbiy kiyim va qurol berishdi, keyin men va boshqalarni harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish uchun Rossiya va Ukraina o‘rtasida harbiy amaliyotlar olib borilayotgan Donetskka jo‘natishdi, biz harbiy amaliyotlar davomida Rossiya tomonidan qo‘lga olingan hududlardagi obуektlarni qo‘riqlaganmiz”, – deydi u.

Sh.J. 2023-yil oktyabr oyida Donetsk oblastida ularga Ukraina dronlari granatalar bilan hujum qilinganini qo‘shimcha qiladi. Granata parchalari tegishi natijasida u o‘ng va chap tizzalari va qo‘llari sohasidan yaralangan. Shundan so‘ng u Sankt-Peterburgdagi harbiy gospitalda davolangan. 2024-yil 25-aprel kuni o‘g‘li bilan О‘zbekistonga qaytib kelgan.

Sud hukmiga ko‘ra, Sh.J. О‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (Yollanish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va 3 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.