“Hanjar-2024” O‘zbekiston-Qozog‘iston harbiy mashg‘ulotlari yakunlandi

фото: yuz.uz

Jizzax viloyatidagi Markaziy harbiy okrugga qarashli Forish tog‘ tizmasida O‘zbekiston va Qozog‘iston harbiylari “Hanjar-2024” taktik-maxsus o‘quv mashg‘ulotlarini yakunladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘n kunlik mashg‘ulotlar doirasida shartli aholi istiqomat qiladigan hududda turli turdagi o‘qotar qurollardan o‘q otish va jangovar harakatlar olib borish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Harakatlar tahlili o’tkazildi, psixologik stressni bartaraf etish usullari o’zlashtirildi.

Soxta dushman joylashgan binolarga minomyotlar, snayperlar, pulemyotchilar va dronlarning hujumi ham uyushtirildi, soʻngra uning ortidan joʻnatilgan qoʻlga olish guruhi uchta binoda jadal tozalash ishlarini olib bordi. Harakatlar jangovar zirhli texnika va xizmat itlari yordamida amalga oshirildi. Natijada bir necha daqiqada belgilangan maqsadga erishildi.

Mashg‘ulotlarning yakuniy bosqichi Mudofaa vazirligi vakillari, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni va Qozog‘iston harbiy delegatsiyasi rahbariyati rahbarligida o‘tkazildi.

Tantanali yopilish marosimida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Faollik ko‘rsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar O‘zbekiston va Qozog‘iston Mudofaa vazirliklarining maxsus ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.