Har oyda eng ko‘p import bo‘layotgan iste’mol tovarlari ro‘yxati va hajmi tadbirkorlarga e’lon qilib boriladi
Yig‘ilishda birinchi olti oyda mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarish 34 foizga o‘sgani ta’kidlandi. Lekin hamma tarmoq yoki hududda ham ishlar bir xil emasligi qayd etildi.
Davlat xaridida mahalliy mahsulotlar ulushi 78 foizni tashkil qilsa-da, ayrim vazirliklarda o‘zimizda bor mahsulotni import qilish holatlari hanuzgacha davom etayotgani tanqid qilindi.
Shu bois mahalliylashtirish bo‘yicha ishlar yangicha tizim asosida tashkil qilinadi. Har oyda eng ko‘p import bo‘layotgan iste’mol tovarlari ro‘yxati va hajmi tadbirkorlarga e’lon qilib boriladi. Raqobat qo‘mitasi hudud va tarmoq kesimida o‘rganib, bozorda yetishmayotgan mahsulotlar bo‘yicha yangi quvvatlarni yaratish va mavjudlarini kengaytirish bo‘yicha takliflarini beradi. Ushbu takliflar asosida aniq loyihalar paketi shakllantiriladi, ular 20 ta yirik tarmoq quvvatlarida yoki hududiy korxonalar bilan kooperatsiya asosida amalga oshiriladi.
Bu yangi tizimni joriy qilish uchun Hukumatda mahalliylashtirish bo‘yicha alohida tuzilma tashkil qilinadi. Umuman, joriy yilda 92 trillion so‘mlik mahsulotni mahalliylashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari, vazirlik, idoralar va hokimliklarning Kooperatsiya portalidagi ishtiroki yetarli emasligi qayd etildi. 63 mingta mahalliy korxonadan atigi 5 foizi mahsulotini portalga chiqarmoqda.
Mutasaddilarga yil yakuniga qadar barcha hududiy sanoat korxonalarini portalga to‘liq ulash topshirildi. Mahalliy mahsulotlar uchun 520 ta milliy standartni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Eksport masalalari tahlil qilinar ekan, tarmoq va hududlar yil boshidan 8,7 milliard dollarlik mahsulotini chetga sotgani ta’kidlandi. Lekin 9 ta tumanda eksport o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning yarmiga ham yetmagan.
Yana bir masala – xorijiy davlatlar ichki bozorini himoya qilish uchun ko‘plab tarif va notarif to‘siqlarni belgilamoqda. Tashqi ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor idoralarga ushbu to‘siqlarni yumshatish yuzasidan muzokara o‘tkazib, kelishuvga erishish topshirildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 910 million dollarni tashkil qildi. Yil yakunigacha reja qilingan eksportni ta’minlash uchun birinchi galda qayta ishlangan meva-sabzavot eksportini keskin ko‘paytirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Hozirda saqlash, saralash va qayta ishlash quvvatlarini oshirish bo‘yicha 9 trillion so‘mlik 382 ta loyiha bo‘yicha ishlar boshlandi.
Bunday loyihalarni ko‘paytirish, yil yakunigacha jami quvvati 57 ming tonna bo‘lgan 10 ta agrologistika markazi, 230 ming tonnalik sovutkichli omborxona qurish zarurligi qayd etildi.
Mutasaddilarga meva-sabzavotni saqlash sig‘imini 63 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Sharhlar