Hasanboy Doʻsmatov Olimpiadalardagi uchinchi oltin medal sari qadam tashlamoqchi
Boks boʻyicha ikki karra Olimpiya oʻyinlari chempioni Hasanboy Doʻsmatov oʻz titullarini yanada koʻpaytirish niyatida. “Professor” endilikda professional boksda jahon chempionlik kamarini qoʻlga kiritish barobarida Olimpiadalardagi uchinchi oltin medal sari odimlash niyatida. Bu haqida Olimpiada qo’mitasi intervyusida.
– Bahodir Jalolovdan sardorlik bogʻichini qabul qildingiz. Bu Los-Anjeles-2028 ga ham tayyorlanishingizga ishorami?
– Oldinda hali 4 yil vaqt bor. Hozircha bir nima deyish qiyin. Lekin oʻzimda keyingi Olimpiadada ham qatnashib, uch karra chempion boʻlish niyati bor.
– Los-Anjeles yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi musobaqalar boshlanguncha professional boksda chempionlik kamari uchun tushishga ulgurasizmi?
– Albatta, bunday reja bor. Professional boksda ham chempionlik kamarini qoʻlga kiritishni niyat qilganman. Buning uchun imkoniyatim yetarli. Hozir men oʻz vaznimda WBA yoʻnalishida majburiy daʼvogar boʻlib turibman.
– Sizga berilgan “professor” nomining kelib chiqishi qanday?
– Bu nomni murabbiylarimiz Toʻlqin Qilichev va Rahmatjon Roʻziohunov 2022-yilgi Osiyo chempionatining finalida qozogʻistonlik Saken Bibosinov bilan jangda qoʻyishgan. Birinchi raundda imkoniyatni boy berdim. Keyin mening burchagimda xavotir boshlandi. Shunda murabbiylarimga suv va kapamni beringlar, hozir oʻzim hisobni toʻgʻrilayman dedim va vaziyatni oʻnglab keldim. Yaʼni qaysi vaziyatda nima qilish kerakligini bilganim uchun shundan beri ular meni “professor” deyishadi.
Sharhlar