Toshkentda soxta haydovchilik guvohnomalarini sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh ushlandi

Foto: Sputnik

Jizzax viloyati IIB 2022-yilning noyabr oyidan shu yilning aprel oyiga qadar 200 nafardan ziyod fuqaroni chuv tushirgan jinoiy guruh ushlanganini ma’lum qildi.

2022-yil o‘rtalarida Toshkent shahrida vaqtincha ro‘yxatda turib, IT kompaniyalaridan birida faoliyat yuritayotgan ikki nafar buxorolik yigit soxta haydovchilik guvohnomasini sotish rejasini tuzgan. Ular ijtimoiy tarmoqlardagi kanal va guruhlarda muayyan narx evaziga haydovchilik guvohnomasi sotilishi haqida eʼlonlar tarqatgan.

Firibgarlar har bitta kategoriya bo‘yicha turli narxlar belgilagan. Masalan, A, B, C kategoriya uchun 3,5 million so‘m, D, E uchun 4 million so‘m, ham D hamda E uchun esa 5,5 million so‘m to‘lanishi kerak bo‘lgan.

Ular insonlarga o‘zlarini IIO xodimlari sifatida tanishtirgan. Qilmishlari oshkor bo‘lib qolmasligi uchun begona kimsadan bank plastik kartasi sotib olingan. Osongina haydovchilik guvohnomasini olishni maqsad qilganlar esa ushbu kartalarga to‘lovni amalga oshirgan.

Yigitlar chuv tushgan insonlarni ishontirish maqsadida “fotoshop” orqali yasalgan soxta guvohnomalar rasmini yuborgan va ijtimoiy tarmoqlarda “mana guvohnomani oldim” mazmunidagi videolar tarqatgan. Bundan tashqari, ular Rossiyada yashovchi fuqaro bilan internet orqali bog‘lanib, undan pul evaziga muayyan shaxsga tegishli fuqaroning haydovchilik guvohnomasi uskunadan chiqish jarayoni aks etgan video olgan va bu videolarni ham reklama tariqasida tarqatgan.

Firibgarlikda gumonlanayotganlar o‘z mijozlari bilan hech qachon ko‘rishmagan, onlayn muloqot chog‘ida ham yuzlarini ko‘rsatmagan.

Ularga ishonib, puli havoga uchgan insonlarning birortasi bu haqida shikoyat qilmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda shu kabi eʼlonlarni ko‘rib qolgan IIO xodimlari tomonidan uyushgan jinoiy guruhni fosh etish chora-tadbirlari ko‘rilib, dastlab Toshkent viloyati Angren shahri “Karvon” mahallasida yashovchi shaxs qo‘lga olingan va gumonlanuvchidan noutbuk, uyali aloqa vositalari, bank kartasi va 10 million 800 ming so‘m hujjatlashtirilib olingan.

Tezkor surishtiruvlar natijasida, jinoiy guruhning barcha aʼzosi ushlangan. Qo‘lga olinganlar orasida jinoiy guruh faoliyatini boshqargan ikki nafar buxorolik yigit, qalbaki haydovchilik guvohnomasining fotosuratlarini yasagan dasturchi va ijtimoiy tarmoqda guruhlarni tashkil qilgan olti nafar shaxs bor.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.