Haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yilganlar tomonidan sodir etilgan YTHlarda 212 kishi halok bo‘lgan
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbidin Burxanov 2024-yilning iyul oyida IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i lavozimiga yangi tayinlangan Sherzod Ibragimov hamda soha mas’ullari bilan uchrashib, tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni muhokama qildi.
Muloqot davomida joriy yilning 6 oyi davomida respublikadagi umumiy yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 foizga, o‘lim bilan bog‘liq hodisalar 1,1 foizga, tan jarohati bilan bog‘liq holatlar 9,2 foizga kamayishiga erishilgani, biroq, yo‘l-transport hodisalari va ular oqibatida halok bo‘layotganlar soni hanuzgacha yuqoriligicha qolayotgani qayd etildi.
Shuningdek, 2024-yilning birinchi yarmida mamlakat bo‘yicha qonuniy ravishda o‘qib, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan 10 mln 200 mingdan ortiq qoidabuzarlik sodir etilganini alohida taʼkidlandi.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinganiga qaramay, qaytadan rulga o‘tirgan shaxslar 707 ta yo‘l-transport hodisasini sodir etgan.
Buning oqibatida 212 nafar shaxs halok bo‘lgan va 546 kishi turli darajadagi tan jarohatlarini olgan.
Umuman olganda, haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinganlar umumiy haydovchilar sonining 0,3 foizini tashkil qilgani holda, ular tomonidan sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari umumiy YTHlarning 11 foiziga to‘g‘ri kelgan.
Sharhlar