Hindistonning eng boy kishilaridan biri bo‘lgan Gautam Adani, yaqinda AQShda energetika va infratuzilma loyihalariga 10 milliard dollar sarmoya kiritishni e’lon qilgan edi. Ammo endilikda, 62 yoshli milliarder AQSh prokurorlari tomonidan 250 million dollarlik poraxo‘rlik sxemasi tashkil etganlikda ayblanmoqda.
Adani va uning rahbariyati 20 yil davomida 2 milliard dollar foyda keltiruvchi shartnomalarni qo‘lga kiritish uchun Hindiston rasmiylariga pora bergani iddao qilinmoqda. Adani Group bu ayblovlarni “asoslanmagan” deb rad etdi.
Adani Group kompaniyalari bir kunda 34 milliard dollar bozor qiymatini yo‘qotdi va ushbu mojarolar kompaniyaning yirik loyihalariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Adani Green Energy esa 600 million dollarlik obligatsiyalarni chiqarish rejasidan voz kechdi.
Milliarder Hindiston infratuzilmasi va energetikasi sohasida yirik o‘ringa ega: mamlakatdagi portlarning 30%, aeroportlarning 23%, va ikkinchi yirik sement ishlab chiqarish kompaniyasini boshqaradi. Shuningdek, u Hindistonning eng yirik xususiy elektr energiya ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.
Adanining biznes imperiyasi Bosh vazir Narendra Modining siyosiy ustuvorliklariga mos keladi. Ularning yaqin aloqalari tanqid qilinib, “kroney kapitalizm” atamasi bilan bog‘lanmoqda.
Sharhlar