Hokim yordamchilari pora olayotgan paytlarida qo’lga tushishdi
Dehqonobod tumani hokimining oʻrinbosari tumandagi Qorashina shaharchasini obodonlashtirish doirasida qurilgan obyektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasiga imzo qoʻyish evaziga tuman hokimligining maʼmuriy binosi yonida 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur obyektdagi kamchiliklarni solishtirma dalolatnoma rasmiylashtirish yoʻli bilan bartaraf etib berish evaziga 15 mln. soʻm olgan vaqtida Qashqadaryo viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi yetakchi mutaxassisi ham qoʻlga olindi.
Hozirda hokim oʻrinbosari hamda davlat unitar korxonasining yetakchi mutaxassisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbari fuqaroga Xatirchi tumanidagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birining hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida bankdan 100 mln. soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻi olib berish evaziga 20 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, muqaddam sudlangan hokim yordamchisi oʻz xizmati uchun 10 mln. soʻm hamda Xatirchi tumanidagi aksiyadorlik tijorat banki mutaxassisi esa tegishli hujjatlarni tayyorlab, kredit mablagʻi ajratib berish evaziga 2 mln. soʻm olgan paytlarida qo’lga tushdi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Shahrixon tumanidagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birining hokim yordamchisi oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda, tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroga bankdan 100 mln. soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻi ajratilishida yordam berish evaziga 9 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda hokim yordamchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 214-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Sharhlar