Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hokimliklarning Call-markazlari faoliyatida jiddiy muammolarni aniqladi
Barcha tuman va shahar hokimliklaridagi ishonch telefonlarining (Call-markaz) faoliyati samaradorligi o‘rganildi, deb yozmoqda agentlik axborot xizmati.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-noyabrdagi PF-200-son Farmoniga asosan Agentlik tomonidan joriy yilning 9-15-iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tuman va shahar hokimliklaridagi ishonch telefonlarining (Call-markaz) ishchi holatdaligi, ma’lumotlar almashinuvi samaradorligi darajasini o’rganish maqsadida “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirlari o’tkazildi.
Natijada, quyidagi 70 ta tuman va shahar hokimliklarida qayta aloqa tizimi samarasiz tashkil etilgani, xususan, qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldirilganligi aniqlandi:
1. Qashqadaryo viloyati – 11 ta tuman va shahar;
2. Andijon viloyati – 10 ta;
3. Toshkent viloyati – 8 ta;
4. Farg‘ona viloyati – 7 ta;
5. Xorazm viloyati – 7 ta;
6. Namangan viloyati – 6 ta;
7. Samarqand viloyati – 4 ta;
8. Surxondaryo viloyati – 4 ta;
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 4 ta;
10. Toshkent shahri – 3 ta;
11. Buxoro viloyati – 2 ta;
12. Sirdaryo viloyati – 2 ta;
13. Jizzax viloyati – 1 ta;
14. Navoiy viloyati – 1 ta.
Bundan tashqari, o‘rganishlar davomida 9 ta tuman va shahar hokimliklari (Asaka, Xiva, O‘rta Chirchiq, Hovos, Uzun, Sariosiyo tumanlari va Buxoro, Navoiy, Bekobod shaharlari hokimliklari) rasmiy veb-saytlarida ularga tegishli bo‘lgan ishonch telefonlari e’lon qilinmagani aniqlandi.
Qorovulbozor, Romitan, Shofirkon, Vobkent tumanlari va Buxoro shahar hokimliklarining rasmiy veb-sayti ishchi holatda emasligi ma’lum bo’ldi.
Forish, Tomdi, Parkent, So‘x, Qorao‘zak, Xo‘jayli tumanlari va Guliston, Chirchiq shaharlari hokimliklarining telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilinganda, mas’ul xodimlar tomonidan og‘zaki murojaat qoldirish imkoniyati mavjud emasligi ma’lum qilingan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida ushbu holatlar takrorlanishining oldini olish choralarini ko‘rish bo‘yicha taqdimnomalar kiritildi.
Sharhlar