Xavfli “manyovr”larni sodir etgan avtobus haydovchisi ishdan olindi

Foto: videodan nusxa

25-iyul kuni “King Long” rusumli avtobusning yo’l harakati qoidalarini qo’pol ravishda buzib, xavfli holatni keltirib chiqarganligi aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

Ushbu holat “Toshshahartransxizmat” AJ, Transport nazorati inspeksiyasi rahbariyati va mas’ul xodimlar ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi. Haydovchi o’z xizmat vazifasini suiste’mol qilib qo’pol qoidabuzarlik sodir etganligi, shahar ko’chalarida qarama-qarshi harakatlanib xavfli “manyovr”larni amalga oshirganli va avariya holatini keltirib chiqarganligi uchun ushbu haydovchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Qo’pol qoidabuzarlik sodir etgani uchun mehnat shartnomasi bekor qilingan haydovchilarning elektron bazasi, ya’ni, “Qora ro’yxat”i joriy etilgan bo’lib, unga ko’ra ushbu haydovchilar avtobus saroyi filiallariga qayta ishga olinmasliklari qat’iy belgilangan. Shu kunga qadar ushbu ro’yxatga kiritilgan haydovchilar soni 197 nafarni tashkil etmoqda.

Yuqoridagi qoidabuzarlik sababli ishdan bo’shatilgan 58-sonli avtobus haydovchisi F.S. ham ushbu qora ro’yxatga kiritildi.

Bundan tashqari, qoidabuzarlik chog’ida nafaqat o’zining balki boshqa yo’l harakati ishtirokchilarining ham hayotini xavf ostiga qo’yganligi sababli, haydovchi F.S.ni haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish yuzasidan Jinoyat ishlari sudiga maxsus taqdimnoma kiritildi.

 

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.